Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 2023-2024-o‘quv yilida boshqa hududlardan pedagoglar jalb etiladigan taʼlim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar to‘lanadi. Bunda:
-
bir maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
-
boshqa maʼmuriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.
Ushbu maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglar jalb qilinadi.
Shuningdek, boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab taʼlim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham to‘lanadi.


