Atrofimizdagi dunyo haqida yetarli bilimga ega bo‘lmasdan turib, tanqidiy fikr yuritish mumkin emas. Qanchalik ko‘p bilim bo‘lsa, solishtirish va tahlil qilish shunchalik oson bo‘ladi. Muammoni tanqidiy baholashdan oldin uni har tomonlama ko‘rib chiqish, vaziyatni boshqa voqealar kontekstida ko‘rish, uning rivojlanishini vaqt o‘tishi bilan kuzatib borish kerak. Buning uchun ko‘proq, badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni o‘qish va turli soha mutaxasislarining turli tarmoqlardagi maruzalarini ko‘rib borishi lozim bo‘ladi. Shundan so‘ng dastlab mazkur bilimlar asosida savol berishni o‘rganish lozim. Qiziqish va bilimga chanqoqlik tanqidiy fikrlashning asosi hisoblanadi. Bu tashnalikni qondirish uchun savollarni to‘g‘ri shakllantira olish kerak. Menimcha, turli mavzularda savollar berishni doimiy mashq qilib borish kerak. Masalan, o‘zingizning sevimli filmingiz, kitobingiz, rasmingiz, atrofingizdagi hodisa mavzusi haqida fikr yuritishni o‘rganish talab etiladi. Har qanday masalani o‘rganayotganda, har tomonlama qiziqish, muammoni turli tomonlardan ko‘rib chiqish va savollar berish orqali tafsilotlar aniqlanadi. Ayniqsa bu bizning kuchli tahlilga asoslangan materialimizga asos vazifasini bajaradi. Tanqidiy fikrlash, albatta, muammo haqida turli, baʼzan qarama-qarshi fikrlarni bilishni o‘z ichiga oladi. Muammoni o‘rganish, turli manbalarga murojaat qilish, olingan maʼlumotlarni solishtirish, uni izchillik, to‘liqlik, ishonchlilik uchun baholash va nomuvofiqliklarni aniqlash. Ishonchli maʼlumotlar — bu tasdiqlangan rasmiy manbalardan olingan va aniq faktlar bilan tasdiqlangan. Internetdagi maqolalarda manbaga havola bo‘lishi kerak. Tanqidiy fikrlash — bu turli omillarga bog‘liq holda vaziyatni rivojlantirishning turli xil variantlarini ko‘rish va bu variantlardan eng maqbul, qulay va samaralisini ajratib olish imkoniyatini anglatadi. Hech narsa qilmaganlar xato qilmaydi. Xato o‘z-o‘zini kamsitish uchun sabab emas, balki keyingi safar qanday qilib aqlliroq, yaxshiroq va samaraliroq harakat qilishni aniqlashning bir usuli. Har bir xatoni tahlil qilishga konstruktiv yondashish menimcha eng to‘g‘ri qaror. Uni topish va sabablarni baholishni bilish muammoni ochib berishga yordam beradi. Tanqidiy fikrlash – axborotni tahlil qilish, xulosa chiqarish, har qanday masala bo‘yicha o‘z fikrini shakllantirish va unga muvofiq harakat qilishda yordam beradigan muhim mahorat hisoblanadi. Bugungi kun o‘zbek jurnalistikasiga aynan mana shunday xulosa va mulohaza yuritilgan materiallar kam uchramoqda. Buning uchun esa jurnalistdan yuqorida sanab o‘tilgan xususiyatlar bo‘lishi va ichki senzurani yenga olishi lozim. Aynan mana shu yuqorida to‘xtalib o‘tganimiz tanqidiy fikrlash jurnalistning alohida xarakteriga aylanishi lozim. Shundagina omma haqiqiy jurnalistika qanday bo‘lishi kerakligini anglab yetadi.