1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Tarixiy rekord: oltin narxi bir unsiyasi uchun 5 500 dollardan oshdi

Tahlilchilar fikriga ko‘ra, 2026-yilda oltin narxi bir unsiya uchun 6 000 dollargacha, muqobil ssenariyda esa 6 900 dollargacha ko‘tarilishi mumkin.

Tarixiy rekord: oltin narxi bir unsiyasi uchun 5 500 dollardan oshdi

 

Global bozorlar tarixida muhim voqea qayd etildi — oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 5,5 ming dollardan oshib, yangi tarixiy rekordni yangiladi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

 

AQSH dollarining keskin qadrsizlanishi, shuningdek investorlarning obligatsiyalar va valyutalarni yuqori xavfli aktivlar sifatida baholab, xavfsiz aktiv — oltinga murojaat qilayotgani fonida qimmatbaho metall narxi ketma-ket to‘qqiz kun davomida rekord darajalarni qayd etmoqda. Birgina kun ichida oltin narxi 3,2 foizgacha oshdi.

 

Comex birjasida oltinning bir troya unsiyasi 5 584,3 dollardan baholandi. Taqqoslash uchun, 28-yanvar kuni oltin narxi 5 200 dollardan oshib, o‘sha paytdagi rekordni qayd etgan bo‘lsa, 12-yanvar kuni bu ko‘rsatkich 4 600 dollarni tashkil etgan edi.

 

2026-yil boshidan buyon spot bozorda oltin narxi qariyb 28 foizga, kumush esa deyarli 65 foizga qimmatlashdi. Global iqtisodiy beqarorlik, savdo urushlari xavfi va geosiyosiy noaniqliklar sharoitida investorlar kapitalni saqlash maqsadida xavfsiz aktivlarga ustuvorlik bermoqda, bu esa oltinga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda.

 

Narxlar o‘sishiga inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishi, AQSH dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar tomonidan oltin xaridlarining ko‘payishi hamda AQSH Federal zaxira tizimi (Fed) tomonidan foiz stavkalari pasaytirilishi mumkinligi haqidagi kutilmalar ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

 

Tahlilchilarning fikricha, Fed asosiy foiz stavkasini 3,50–3,75 foiz oralig‘ida saqlab qolishi mumkin. Shu bilan birga, regulyator rasmiylarining bayonotlari yaqin kunlarda oltin bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

 

AQSH Federal rezervining pul-kredit siyosati yuzasidan noaniqliklar fonida dollar qariyb so‘nggi to‘rt yildagi eng past darajaga tushdi. AQSH prezidenti Donald Tramp valyuta kursining pasayishidan xavotir bildirmaganini ma’lum qilganidan so‘ng, dollar qadrsizlanishi yanada tezlashdi.

 

Deutsche Bank tahlilchilariga ko‘ra, 2026-yilda oltin narxi bir unsiya uchun 6 000 dollargacha, muqobil ssenariyda esa 6 900 dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Ularning ta’kidlashicha, markaziy banklar va investorlar dollar bo‘lmagan, moddiy aktivlarga bo‘lgan ulushni oshirayotgani bu o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

 

Societe Generale ham yil yakuniga qadar oltin narxi 6 000 dollarga yetishini prognoz qilmoqda, biroq bu baho konservativ bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti. Morgan Stanley esa oltin uchun 5 700 dollarlik maqsadli narxni belgilagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика