Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasiga 5 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilingan fuqarodan shikoyat arizasi keldi.
41 yoshli sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi va 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib qamoqqa hukm qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi xavfli retsidivist bo‘la turib, o‘g‘irlikka qo‘l urgan. U muqaddam o‘g‘irlik jinoyati uchun 3 marotaba sudlangan.
“Minor” masjidiga go‘yoki namoz o‘qish niqobi ostida kiradi va o‘ziga tanish bo‘lmagan fuqaroga tegishli narxi 700.000 so‘m bo‘lgan bir dona erkaklar sumkachasi, uning ichidagi fuqarolik pasporti, xizmat va haydovchilik guvohnomasi, taloni, qo‘l telefonini olib ketadi.
O‘sha kuni sumkachada jabrlanuvchining telefon quvvatlagich moslamasidan tortib, naqd pullari, do‘ppisi, dastro‘molchasi va yashash uyining kalitigacha olib qochilgan. Qo‘lga tushganida esa qaytarilgan buyumlari ichida jabrlanuvchiga tegishli xizmat guvohnomasini o‘zi bilan olib qolgan.Sudlov hayʼati jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqdi.
Apellyatsiya shikoyatida sudlanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovdan Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “a” bandini chiqarib tashlashni va oilaviy sharoitini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sudlov hayʼati apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirilmadi. Unga tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirildi.
Moʻtabar Nurmuhammedova


