Bugun, 14 aprel kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani “Taxtaqoracha” dovonida yuk mashinasi paslikka tushib ketdi. Bu haqda “O‘zA” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat soat 09:45 larda Kitob tumanidan o‘tuvchi “Taxtaqoracha” dovoni avtomobil yo‘lining 1139-kilomertida yuz bergan. Samarqand – Qashqadaryo yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan Isuzu rusumli yuk avtomobil haydovchisi o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib pastlikka tushib ketgan, natijada yong‘in chiqqan va transport vositasi yonib ketgan.
Vaziyat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilar guruhi manzilga yetib borib, sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlarini bartaraf etdi.
Yuk mashinasida bo‘lgan 24 yoshli fuqaro O.A. hamda unga hamrohlik qilayotgan fuqaro A.O. mashinadan sakragan. Sakrashi oqibatida ular tan jarohati olgan va tuman tibbiyot birlashmasiga yuborilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi.


