O‘zbekistonda Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Adliya vazirligi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan hujjat yangi tahrirda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur yangilanishlar, asosan, abonentlar uchun qulayliklarni kengaytirishga qaratilgan.
Yangi qoidalarga ko‘ra, mobil aloqa abonentlari endi amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi. Faqat ma’lum guruhlar yoki cheklangan hududlar uchun maxsus ishlab chiqilgan tarif rejalariga o‘tish bundan mustasno etib belgilandi.
Shuningdek, abonent hisobida mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda shartnomani bekor qilish muddati ham sezilarli darajada uzaytirildi. Avval bu muddat 2 oy bo‘lgan bo‘lsa, endilikda u 1 yilgacha yetkazildi. Bundan tashqari, tarif shartlari o‘zgargan taqdirda, operatorlar abonentlarni kamida 15 kun oldin OAV, rasmiy sayt yoki SMS orqali ogohlantirishi shart bo‘ladi.
Aholiga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida, xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borib xizmat ko‘rsatish hamda olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda sayyor mobil aloqa xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan. Mutasaddilar bu yangiliklar telekommunikatsiya xizmatlari sifati va ochiqligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.


