Ijtimoiy tarmoqlarda temiryo‘l chiptalarining chayqovchilar qo‘liga chiqib ketgani haqida xabarlar tarqalmoqda. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, bayram arafasi va bayram kunlarida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar, qo‘shimcha vagonlar qo‘yilmoqda. Bir kunda 14 mingdan ortiq yo‘lovchilarga temiryo‘l transporti xizmati ko‘rsatilsa, bayram kunlarida 25 000 dan ziyod yo‘lovchilarga chiptalar rasmiylashtiriladi.
Yo‘lovchi poyezdlarga chiptalar 45 kun oldindan ochiq savdoga chiqariladi, shu muddatda yo‘lovchilar chiptalarni chiptaxonalarda yoki elektron tarzda rasmiylashtirishlari mumkin. Bayram kunlari yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida qo‘yilgan qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar chiptalari turistik firmalar tomonidan berilgan arizalarni chetlab o‘tgan holda erkin savdoga chiqarilmoqda.
Temiryo‘l transportidan foydalanishda yo‘lovchilar jo‘nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otmoqda.
“Bugungi kunda poyezd chiptalarini chayqovchilar umuman olib sota olmaydi. Chunki chiptalar yo‘lovchiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida yozib beriladi va temiryo‘l vokzallariga kirishda yo‘lovchilarning chiptalari zamonaviy uskunalar bilan tekshiriladi”, — deyiladi xabarda.


