Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudining sudya yordamchisi xizmat mavqeyidan foydalanib, ushbu sudda ko‘rilayotgan ma’muriy huquqbuzarlik ishi bo‘yicha huquqbuzarga yengillik yaratishni va’da qilgan. U dastlab 500 ming so‘m olgan, shundan so‘ng qo‘shimcha ravishda 800 AQSh dollari talab qilgan. Bu haqda Zamon.uz'ga DXX xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudya yordamchisi qarindoshi orqali 800 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ayblanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


