Iyundan boshlab tarmoq foydalanuvchilari uchun messenjerning yangi pullik versiyasi — “Telegram Premium” taqdim etiladi. Bu haqda servis asoschisi Pavel Durovning ma’lum qildi.
“Telegramning bepul bo‘lgan barcha funksiyalari foydalanuvchilar uchun saqlanib qoladi. Bundan tashqari, yangi bepul variantlar paydo bo‘ladi”, — deyiladi tadbirkorning rasmiy telegram kanalida.
Endilikda foydalanuvchilar katta hajmdagi mediafayllar, hujjatlar, premium reaksiyalar va stikerlar bilan ishlashi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Pavel Durov bir qator internet foydalanuvchilari limitlarni oshirishni so‘rashayotganini ta’kidlagan.
“Bu yerda muammo shundaki, agar biz cheklovlarni hamma uchun olib tashlasak, serverimiz va trafik xarajatlari boshqarib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun “Telegram Premium” obunasini ishga tushirishga qaror qilindi. Bu qo‘shimcha funksiyalar tezlik va resurslarga ega bo‘lish imkonini beradi. Unga obuna bo‘lmagan foydalanuvchilar ham tarifning ba’zi afzalliklaridan foydalanishlari mumkin. Masalan, ular juda katta hajmdagi hujjatlarni, Premium foydalanuvchilari tomonidan yuborilgan multimediya va stikerlarni qabul qilishadi”, - deya ta’kidladi Durov.


