Sog‘liqni saqlash vazirligi va "Jizzakh Auto" o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, "103" xizmatiga navbatdagi 70 dona A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi.
Qayd etilishicha, "Jizzakh Auto" tomonidan ishlab chiqarilgan bu galgi 70 ta avtotransport vositalari Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyati filiallariga mavjud ehtiyojga qarab taqsimlanadi.
Ma’lumotga ko‘ra, 2023-yil Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 685 ta “Volkswagen Caddy” avtomashinalari bilan boyidi. Shuningdek, joriy yil fevral oyida “103” xizmatining hududiy filiallariga yana 30 dona ana shunday zamonaviy avtoulovlar taqdim etildi.


