Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Semyon Grigoryevga Tojikiston fuqarosining fojiali o‘limi munosabati bilan norozilik notasini yubordi.
Tojikiston TIV rasmiy bayonotiga ko‘ra, 2025-yil 16-dekabr kuni Moskva viloyati Odintsovo shahar okrugiga qarashli Gorki-2 qishlog‘ida joylashgan Uspenskaya umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi, voyaga yetmagan Tojikiston fuqarosi Qobiljon Aliyevga nisbatan etnik nafrat asosida hujum sodir etilgan. Ushbu hujum oqibatida bola voqea joyida halok bo‘lgan.
Mazkur holat Tojikiston tomoni tomonidan keskin qoralandi. Voqeadan so‘ng Rossiya elchisi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga rasmiy nota topshirildi. Unda Rossiya Federatsiyasidan mazkur jinoyatni zudlik bilan, xolis va har tomonlama tergov qilish, shuningdek, aybdorlarni amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish talab etilgan.
Shuningdek, Tojikiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi ushbu jinoyat bo‘yicha tergov jarayonini o‘z nazoratiga olgani va Rossiya TIVga rasmiy murojaat yo‘llagani ma’lum qilindi.
Tojikiston TIV marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, xorijdagi Tojikiston fuqarolarining huquqlari va xavfsizligini ta’minlash masalasi ustuvor ekanini ta’kidladi. Vazirlik Rossiya Federatsiyasining vakolatli organlari tomonidan ushbu voqea to‘liq va adolatli o‘rganilishiga umid bildirdi.


