1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

Tokio-2020: Olimpiya arenalari sportchilarni kutmoqda

Yana bir necha kunlardan so‘ng yapon stadionlarida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi start oladi.

Tokio-2020: Olimpiya arenalari sportchilarni kutmoqda

 

Ushbu inshootlar tarix va kelajakni aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Olimpiya o‘yinlari deyarli to‘liq tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi aytilmoqda. Texnologiya yuqori darajada rivojlangan Yaponiyada musobaqa eng zamonaviy arenalarda o‘tkaziladi. Olimpiadada Tokioning yangi stadionlaridan tashqari, 60- yillarda qurilgan inshootlardan ham foydalaniladi. Tokio Olimpiadasi uchun tayyorlangan qirq ikkita sport majmuasining aksariyati Yaponiya poytaxtining o‘zida joylashgan. Tokio ko‘rfazidagi sunʼiy orollarda o‘tkaziladigan o‘yinlar uchun Ariake Gimnastika markazi va suv sporti saroyi kabi eng zamonaviy inshootlarga ega bo‘lgan qirg‘oq klasteri yaratildi. Shu bilan birga, 1964 yilgi Olimpiadadan qolgan obyektlar qayta tiklandi va «Meros zonasi» deb nomlandi. «Nippon Budokan» jang sanʼatlari markazida dzyudo va karate bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi va 1964 yilda basketbolchilar va suv sport turlari bahslari o‘tkaziladigan «Yozgi National Stadium» bu safar qo‘l to‘pi bellashuvlarini o‘tkazish uchun berildi.

 

 

Ochilish va yopilish marosimlaridan tashqari yengil atletika musobaqalari va futbol uchrashuvlari o‘tkaziladigan Yaponiya milliy stadioni 1964 yilgi musobaqaga mezbonlik qilgan qadimgi arenaning o‘rnida qayta tamirlandi. 60 000 o‘ringa mo‘ljallangan (vaqtinchalik o‘rindiqlarni hisobga olgan holda, u 80 000 kishini sig‘dira oladi). Stadion uch yildan kam vaqt ichida qurib bitkazildi. Pandemiyadan oldin Tokio hukumati bu arena konsertlar va boshqa ommaviy tadbirlar orqali maksimal darajada xarajatlarni qoplashga umid qilgan edi, ammo endi bu rejalarning barchasi puchga chiqdi.

 

Olimpiya shaharchasi Tokioning eng zich joylashgan hududlaridan birida qurilgan. Tashkilotchilar «Meros zonasi» va Tokio ko‘rfazidagi klaster o‘rtasiga Olimpiya shaharchasini joylashtirdi. Tokioning moliyaviy markazi bo‘lgan Chuo tumanida qurilgan shaharcha 44 gektar maydonda 21 ta ko‘p qavatli uyni o‘z ichiga oladi va olimpiadaning 18000 nafar mehmonini qabul qiladi. Koronavirus bilan kasallanganlarni iloji boricha tezroq aniqlash uchun shaharcha shifoxonasi 24 soat ishlaydi. Har kuni barcha mehmonlar tekshiriladi. Ishtirokchilar niqob taqib yurishi va masofani saqlashdan tashqari, o‘z sport turlari bo‘yicha final bosqichidan keyin ikki kundan ortiq bo‘lmagan muddatda Tokioda bo‘lishlari shart. Garchi, ko‘pchilik Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarini asosan oynai jahon orqali ko‘rsada, tashkilotchilar dunyo ahlini ilg‘or texnologiyalar bilan hayratda qoldirishmoqchi. Arenalarning o‘zida ham ko‘pgina yangiliklar qilishgan. Masalan, Olimpiya suzish havzasida sport turlariga qarab chuqurlik va kenglik o‘zgarishi va eshkak eshish kanalidagi suv sathi hamda to‘lqinlarning kattaligi avtomatik nasos tizimlari bilan tartibga solinishi mumkin.

 

 

Olimpiyada o‘yinlari Tokio shahridan tashqari, Fukusimada va unga yaqin boshqa orolda o‘tkaziladi. Musobaqada eng uzoq obyekt Xokkaydo orolida joylashgan «Sapporo Xouse» stadioni hisoblanadi. U yerda ayollar va erkaklar o‘rtasida futbol musobaqalari tashkillashtiriladi. Bundan tashqari, Sapporoda yugurish va piyodalar marafoni o‘tkaziladi.

 

Olimpiadaning ochilish marosimi 21 iyul kuni «Fukusima Azuma» stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda Yaponiya va Avstraliya beysbol jamoalari o‘zaro bahsga kirishadi. Musobaqalar muxlislarsiz o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan bo‘lsada, hozircha tashkilotchilar Miyagi va Ibaraki prefekturalarida o‘tkaziladigan futbol bellashuvlariga chiptalarni bekor qilmaslikka qaror qilishgan. Shizuokada velosport musobaqalariga ham muxlislar kirishiga ruxsat berilishi kutilmoqda.

Jamshidbek Amirov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика