Jahon Banki “Tolibon” hukmronligi davrida Afg‘onistondagi biznes haqida hisobot tayyorladi.
Unga ko‘ra, toliblar boshqaruvi davrida har uchinchi korxona faoliyatni to‘xtatgan. Masalan, kichik biznesda bu ko‘rsatkich 38 foizni, o‘rta biznesda 25 foizni va yirik biznesda 35 foizni tashkil etgan.
Bank so‘rovnomalarida ishtirok etgan tadbirkorlarning 82 foizi mahsulotga bo‘lgan talab pasayganini maʼlum qilgan. Bu esa daromadlar pasayishi va aholi xarid quvvatining kamayib ketishi bilan bog‘liq.
Mamlakat iqtisodiyotining eng barqaror tarmog‘i sifatida qishloq xo‘jaligi tan olingan. shuningdek, ulgurji va chakana savdo ham uncha katta zarar ko‘rmagan: bu turdagi korxonalarning 20 foizi yopilgan.
Tadbirkorlar o‘z xodimlarining yarmini ishdan bo‘shatgan. Shuningdek, 75 foiz ayollar ishidan ayrilgan. Ichki va tashqi resurslarni qo‘lga kiritish qiyinlashgan.
Shu bilan birga so‘rovnomada ishtirok etgan 60 foiz erkak va 33 foiz ayollar biznes uchun nisbatan xavfsiz muhit shakllanganini taʼkidlagan. Deyarli barcha respondentlar korrupsiya kamayganini qayd etgan.
Avvalroq Eronning Afg‘onistondagi konsulxonasiga hujum uyushtirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


