Kobul shahri hokimi vazifasini basharuvchi Mavlaviy Hamidulla No‘moniy erkaklar ishlashi mumkin bo‘lgan lavozimlarni egallab turgan ayollarning ishdan bo‘shashini talab qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shahar xo‘jaligida 2.9 ming kishi mehnat qilmoqda, shundan 27 foizini ayollar tashkil etadi. Ular asosan maʼmuriy, qurilish va muhandislik sohalarida faoliyat olib bormoqda.
"Biz erkaklar ishlolmaydigan yoki faqat ayollar ishi bo‘lgan sohalarga xotin-qizlarning qaytishiga imkon berdik. Ular har kuni ishga qatnamoqda. Masalan, ayollar hojatxonasida ishlaydiganlarni erkaklar bilan almashtirib bo‘lmaydi", degan No‘moniy.
Shuningdek, shahar markazidagi ayrim ayollarni ham erkaklar bilan almashtirib bo‘lmasligi taʼkidlandi. Gap elektronergetika va qurilishda ishlaydigan ayollar haqida ketmoqda. "Lekin erkaklar ham ishlasa bo‘ladigan lavozimni egallab turgan ayollarga vaziyat o‘nglangunga qadar uyda bo‘lib turishni aytdik. Ularning maoshi to‘liq to‘lanadi", deb qo‘shimcha qilgan Kobul shahri rahbari.
Maʼlumot o‘rnida: 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Kobulni egallagan. 31 avgustda AQSH Afg‘onistonni to‘liq tark etdi. Harakat tomonidan egallanmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo 6 sentyabrda ushbu hudud ham “Tolibon” nazoratiga o‘tdi. Shundan keyin 7 sentyabr kuni mamlakatning yangi hukumati tuzilgani eʼlon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval toliblar rasmiy vakili Zabihullo Mujohid harakat ayollar taʼlimiga qarshi emasligini maʼlum qilgandi.
Jahongir Qo‘ziyev


