Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov va Angor tumani prokurori suhbati aks etgan audioyozuvlar tarqaldi. Viloyat hokimligi bu bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani prokurori bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti, deya aytilayotgan audiosuhbat turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Taʼkidlanishicha, audiomaterial shu yilning fevral oyida hokimlik soatida bo‘lib o‘tgan muhokamadan kesib olinib, boshqacha talqin qilingan.
Asl holatda yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi jarayonida viloyat rahbari Angor tumani sektor rahbarlaridan tumanning investitsiya, eksport va soliq tushumlari bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini tanqidiy muhokama qilib, tanbeh bergan. Shu jumladan, tuman prokuroriga ham. Mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan.
«Agar ushbu yig‘ilish jarayonidan kesib olinib montaj qilingan va turlicha talqin etilayotgan audiomaterialdagi holatlar o‘rganish natijasida qonunga xilof deb topilsa, qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishiga tayyorligini maʼlum qilamiz», — deyiladi munosabatda.
Bosh prokuraturaning maʼlum qilishicha, tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar mazkur tashkilot tomonidan o‘rganilmoqda.
Ushbu audioyozuv ijtimoiy tarmoqlar orqali blogerlar orasida ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Muhrim yozyapti (tahrirlanmagan):
"Boya Ombudsmanning birinchi axborotini ko‘rganimdayoq, ular bu axborotini yo izohsiz tahrirlashga, yo raddiya berishga majbur bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Chunki matndagi qiynoqlar haqidagi gapni har xil talqin qilish mumkin edi. Shunday bo‘lyapti ham: OAV uni jamoatchilik kutganidek talqin qilyapti, Ombudsman esa ehtiyotkor talqinni tanlayapti.
Lekin skrinshotdagi kabi aql o‘rgatishlariga borman-da. Shunaqa vaziyatlarda tashkilotlarimiz juda aqlli: «Aholi va fuqarolar o‘rtasida ishonchsizlik va umidsizlik kayfiyatini yuzaga keltirish».
Ishonchsizlik nima? Masalan, biror rasmiy axborot berilsa, odamlar unga ishonmasligi, «bular baribir aldaydi, aslida boshqacha bo‘lgan», deb o‘ylashi. Umidsizlik-chi? Masalan, murojaat qilish mumkin bo‘lgan hamma instansiyalarga murojaat qilib, biror natija chiqmagach, shiorlardagi yordam haqidagi gaplar unga ham taalluqli ekaniga ishonmay qo‘ygach, o‘z-o‘ziga o‘t qo‘yish. Menimcha".
Zafar Solijonov quyidagi izoh qoldirdi:
"Lekin munosabatda Bobolov talon-tarojlikda gumondor sifatida ushlab turilgan shaxslarni (vakolati bo‘lmasada) nega qo‘yib yubor degani haqidagi jumlalarga izoh yo‘q.
Shuningdek, Bosh prokurorga qo‘ng‘iroq qilib, ishdan oldirish bilan qo‘rqitgan po‘pisasiga tushuntirish ham bermagan."
O‘zbekistonda rahbarlarning qo‘l ostidagilarni omma oldida uyatli so‘zlar bilan tahqirlashi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Biroq hech bir haqoratlangan og‘zi buzuq rahbarni sudda berganini eshitmadik. Garchi u qonun himoyachisi bo‘lsa ham. Ovozli xabar ijtimoiy tarmoqqa sizdirilsagina mutasaddilarning paytavasiga qurt tushib qoladi va tekshir-tekshirlar boshlanadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz inson shaʼni ulug‘langan, uning qadr-qimmati hamma narsadan ustun turadigan jamiyatda yashaymiz. Demak, qonunlar hamma uchun barobar bo‘lishi kerak.


