“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari bir nechta holatda 27 ming AQSH dollarini noqonuniy olib chiqishga urinishlarni fosh etishdi.
Birgina noyabr oyining o‘zida aniqlangan mazkur holatlarda Istanbulga va Pekinga uchayotgan yo‘lovchilarning xatti-harakati bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgach, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.
Natijada Turkiyaga ketayotgan yo‘lovchining qo‘l sumkasiga 10 ming, Xitoyga shaylangan yo‘lovchining yuklari orasidagi kitob ichiga 5 750 AQSH dollari yashirilgani aniqlandi.
Yana bir holatda esa bojxonachilar fuqaroning Xitoyga parvozi oldidan 2 nafar yo‘lovchiga 11 ming 700 AQSH dollarini berib, shu zaylda O‘zbekistondan olib chiqish rejasini yo‘qqa chiqarishdi.
Naqd valyutalarni olib chiqishga doir cheklovlar milliy valyutaga ham birdek taalluqlidir.
Eʼtiborlisi shundaki, fuqarolar nafaqat chet el, balki milliy valyutadagi meʼyordan ortiq pul mablag‘larini ham olib chiqishga uringan. Ushbu harakat o‘z vaqtida to‘xtatilib, 23 mln so‘m pul mablag‘i huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.


