Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekistonda birinchi bo‘lgan robotlashtirilgan qahvaxona — Robo Coffee ochildi. Mazkur loyiha nafaqat aeroport hududida, balki butun mamlakat miqyosida qahva xizmatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan ilk tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
Qahvaxonada ichimliklar robot-barista tomonidan tayyorlanadi. Tanlangan ichimlik turiga qarab, qahva 1,5 daqiqadan 3 daqiqagacha bo‘lgan vaqt ichida tayyor bo‘ladi. Menyuda 20 ga yaqin klassik va mualliflik ichimliklari mavjud bo‘lib, mijozlar hatto o‘z suratlari tushirilgan maxsus dizaynli qahvani ham buyurtma qilishlari mumkin.
To‘lov tizimi ham qulay shaklda yo‘lga qo‘yilgan: mijozlar naqd pul, bank kartalari hamda elektron to‘lov tizimlari orqali hisob-kitob qilishlari mumkin. Qahvaxona uskunalari Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, u yuqori tezlik va sifatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.


