Joriy yilning 7-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Ozarbayjon Respublikasi fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar qildi.
6-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida “Toshkent-Baku” yo‘nalishidagi yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish ustunining oldida Ozarbayjon Respublikasi fuqarosi M.Z. aeroport xodimi R.Yakubovning ogohlantirishiga qaramasdan, polietilen paketlarda 4 blokdan jami 12 blok “HEETS” elektron tamaki mahsulotlarini Ozarbayjon Respublikasiga yuborishga uringan. Shundan so‘ng elektron tamaki mahsulotlari hujjatlashtirib olingan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari jarayonida M.Z. kelgusida har bir “Toshkent-Baku” reysiga elektron tamaki mahsulotlarini jo‘natish uchun sharoit yaratib berish, to‘siqlarsiz aeroport hududiga kirish, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha chora ko‘rmaslik hamda olib qo‘yilgan 12 blok tamaki mahsulotlarini qaytarib berish uchun 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida berishni ma’lum qilgan.
7-sentabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida M.Z. aeroport xodimiga 200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ushlangan. Hozirda holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


