Toshkent xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyotlar harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Aeroport hududida kuzatilayotgan tuman sabab ko‘rinish masofasi 700 metrgacha qisqargan. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
Shu bois ayrim reyslarning qo‘nishi va jo‘nab ketishida cheklovlar qo‘llanildi. Xususan, Centrum Air aviakompaniyasining Seul–Toshkent hamda Air Samarkand’ning Jidda–Toshkent yo‘nalishidagi reyslari belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermagani sabab Samarqand shahridagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
Mas’ul xizmatlar ob-havo sharoiti yaxshilangach, parvozlar odatiy jadval asosida amalga oshirilishini ma’lum qildi. Yo‘lovchilarga reyslar holatini oldindan tekshirib borish tavsiya etildi.


