Toshkent shahrida havoning sifati keskin yomonlashmoqda. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 6-sentabr kuni ertalab poytaxt atmosferasida PM2,5 zarrachalari me’yoridan qariyb 1,3 barobar yuqori bo‘lgan. Qayd etilishicha, havo tarkibidagi PM2,5 miqdori 44,6 mkg/m³ ni tashkil etib, belgilangan normadan ancha oshib ketgan. Shu bilan birga, uglerod oksidi miqdori ham 0,58 mg/m³ ni ko‘rsatgan.
Xalqaro IQAir tizimining 10:00 dagi reytingida Toshkent dunyodagi eng ifloslangan shaharlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Poytaxtga 115 indeks berilgan bo‘lib, bu zaif guruhdagi insonlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkentda odatda isitish mavsumida kuzatiladigan antirekord ko‘rsatkichlar endilikda yozning issiq kunlarida ham qayd etilmoqda.


