Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari, veterinariya xizmati va xorijiy veterinar mutaxassislarning sa’y-harakatlariga qaramay bog‘dagi jirafa nobud bo‘ldi.
Bog‘ ma’muriyatining xabar berishicha, bog‘dagi xodimlar jirafani saqlab qolish uchun barcha davolash usullarini qo‘llashgan. Jumladan, xalqaro veterinariya videokonferensiyalarida ishtirok etgan mutaxassislarning yordami va xorijiy mutaxassislar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvdan foydalanilgan. Biroq, patologanatomik tekshiruv natijalari jirafaning o‘limiga oshqozon buralishi sabab bo‘lganini ko‘rsatdi.
"Barcha harakatlarimizga qaramay, natija fojeali tugadi. Jirafalarning anatomik va fiziologik xususiyatlari tufayli, ularning oshqozon-ichak tizimida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib bo‘lmaydi. Chunki jahon amaliyotida bunday kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash holatlari mavjud emas, — deyiladi xabarda.


