Toshkent shahri yo‘llarida harakat tezligini oshirish bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilinmoqda. Bu haqda 12-avgust kuni o‘tkazilgan xalq deputatlari shahar kengashi yig‘ilishida Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurad Alimov ma’lum qildi.
Taqdim etilgan taklifga ko‘ra, Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish, Toshkent halqa yo‘li hamda Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun ruxsat etilgan yuqori tezlik me’yori 80 km/soat qilib belgilanadi. Shuningdek, shahar bo‘ylab 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakat yo‘nalishi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandliklarni kamaytirish va haydovchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida, mahalliy va xalqaro tajriba tahlili asosida ilgari surilgan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-apreldagi qaroriga muvofiq, shahar hududlarida ruxsat etilgan tezlik avval 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgan edi.


