Toshkent metrosi “Yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishining uch bekatida ish tartibi vaqtincha qisqartiriladi. Avvalroq “Yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishining II bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha boʻlgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarini ishga tushirish maqsadida, yoʻnalishdagi boshqa mavjud bekatlar bilan texnik jihatdan oʻzaro bogʻlash ishlarini tashkillashtirilishi yuzasidan maʼlumot berilgan edi.
Rejadagi ishlarni amalga oshirish uchun 16-dekabrdan “Yerusti halqa yoʻli” yoʻnalishining Texnopark (Doʻstlik-2) va Yashnobod (2-bekat) bekatlari bilan birgalikda Tuzel (3-bekat) bekatida ham ish rejimi soat 06:00 dan 22:00 gacha tashkil etiladi.
Shuningdek, Olmos (4-bekat) bekatidan Quruvchilar (12-bekat) bekatigacha boʻlgan bekatlar oraligʻida ish rejimi oʻzgarmagan holda 05:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etiladi.
Soat 05:00 dan 06:00 gacha va 22:00 dan 23:00 gacha Olmos—Quruvchilar bekatlari oraligʻida bir tomonlama (chelnok) poyezdlar harakati tashkil etiladi.


