Poytaxtga kirish nuqtalarida tashkil etilayotgan yangi turargohlar shaharga kirishni cheklash yoki avtomobillar harakatini taqiqlashni nazarda tutmaydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati turargohlar Toshkentga kelayotgan mehmonlar uchun qo‘shimcha imkoniyat sifatida joriy etilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, haydovchilar o‘z xohishiga ko‘ra avtomobilini shahar kirishidagi turargohlarda qoldirib, jamoat transportidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, shaharga shaxsiy avtomobilda kirish imkoniyati saqlab qolingan va hech qanday majburiy cheklov joriy etilmaydi.
Bu amaliyot dunyoning yirik megapolislarida keng qo‘llaniladigan yechimlardan biri bo‘lib, tirbandliklarni kamaytirish va shahar ichida harakatni qulaylashtirishga xizmat qiladi. Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda kelasi yili poytaxtga kirishdagi ayrim postlar shahar tashqarisiga ko‘chirilishi, rekonstruksiya qilinishi hamda bu hududlarda minglab yengil va yuk avtomobillari uchun turargohlar, shuningdek, jamoat transporti bilan bog‘langan infratuzilma barpo etilishi ma’lum qilingandi.


