Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yapon komikslaridan birining qahramonlaridan ilhomlangan “Ryodan” xalqaro yoshlar harakati haqida ota-onalarni ogohlantirdi. Idora bu harakatning muxlislari yurtimizda ham borligi haqida xabarlar olgan.
Maʼlumot o‘rnida, “Ryodan” yapon animatsiya sanʼati muxlislari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, dastlab o‘smirlarni qiziqishlari bo‘yicha birlashtirishni maqsad qilgan. Bolalar sevimli qahramonlarni muhokama qilib, ularga o‘xshashga intilib, orqasida o‘rgimchak rasmi hamda 4 raqami bo‘lgan katakli shim va futbolkalarni kiyib olishgan.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan harakatdan yangi yo‘nalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo bo‘lgan. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, o‘smirlarning «to‘liq shakllanmagan dunyoqarashiga taʼsir o‘tkazish» orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib olgan. Buning oqibatida, tarmoqdagi begona shaxslarning buzg‘unchi shiorlari taʼsiriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida to‘planib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshlagan.
Ayni paytda “Ryodan” harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya, Ukraina, Belarus va boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar ishtirokchilarning turli darajadagi tan jarohati olishi, mulkka zarar yetkazilishi, ko‘plab maʼmuriy va jinoiy ishlarning qo‘zg‘atilishiga olib kelgan.
Toshkent shahar IIBB biz yurtimizda bunday oqibatlarning oldini olishimiz kerakligini taʼkidlab, ota-onalardan arzandlariga eʼtiborli bo‘lish, ularning qiziqishini o‘rganish, ayniqsa, submadaniy qiziqishlariga befarq bo‘lmaslikni so‘ramoqda.
«Farzandlaringiz hayotiga, ularda kechayogan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang: ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish orqali qiziqishlarini, ishtiyoqini muhokama qiling, shu yo‘l bilan ularning fikrini o‘rganasiz va ularda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezish imkoningiz oshadi», deyiladi xabarda.


