Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqilayotgan, Surxondaryoda ro‘yxatdan o‘tgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MChJ mansabdorlariga oid jinoyat ishi doirasida olib borilgan tekshiruv davomida korxonaga qo‘shimcha 8,7 milliard so‘m soliq hisoblangan.
Sudning joriy yilning 15-sentabr kuni ushbu korxonada qayta tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha ajrim chiqarganidan so‘ng, Toshkent shahar Soliq boshqarmasining Soliq auditi bo‘limi bosh inspektori qayta taftish jarayonida qo‘shimcha hisoblangan soliqni bekor qilib berishni va’da qilib, MChJ vakillaridan 5 ming AQSh dollari olgan.
Biroq u 8,7 milliard so‘mlik soliq qarorini to‘liq bekor qilishga erisha olmagach, ilgari olgan pullarni tadbirkorlik subyekti vakillariga qaytarayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


