Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori, akademik Daminov Turg‘unpo‘lat Obidovich 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtai nazardan o‘rgangan. Bolalarda uchraydigan V virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqdi va amaliyotga tatbiq etdi. Ko‘pincha chaqaloqlar o‘limiga sabab bo‘ladigan nafas yo‘llari kasalliklari belgilarini aniqlagan.
Marhum Turg‘unpo‘lat Daminov — pediatr-infeksionist olim, O‘zbekiston FA akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach hamda tibbiyot fanlari doktori hisoblanadi.
T.Daminov 1997-yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining birinchi kotibi "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" bosh tahrir hayʼati aʼzosi hamda Polsha tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi. Shuningdek, 1997-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.


