Toshkent viloyatining Toshkent tumanida 24-avgust kuni fuqaro o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat IIBB YHXB axborot xizmati rasmiy ma’lumot e’lon qildi.
Avtohalokat Toshkent tumani “Ibrat” MFY hududidagi “Madaniyat” ko‘chasida soat 03:30 atrofida yuz bergan. Toshkent shahrida yashovchi 23 yoshli S. D. Neksiya–3 atomashinasida ko‘cha bo‘ylab harakatlanib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va daraxtga borib urilgan.
Hodisa oqibatida haydovchi S.D. voqea joyida vafot etgan. Transport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2001-yilda tug‘ilgan M. D. Toshkent tumani markaziy shifoxonasiga olib borilgan.
Hozirda holat yuzasidan Toshkent tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


