1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkent va Andijonda yirik narkolaboratoriya fosh etildi

Tezkor tadbirda 26 kg mefedron va qariyb 1,5 tonna prekursorlar musodara qilindi.

Toshkent va Andijonda yirik narkolaboratoriya fosh etildi

 

Toshkent va Andijon viloyatlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlangan yirik narkolaboratoriya faoliyati fosh etildi.

 

Bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari vakillaridan iborat maxsus tezkor guruh dastlab Toshkent viloyatining Zangiota tumanida kuzatuvga olingan shaxsni to‘xtatib tekshirgan. Tekshiruv vaqtida uning yonidan 0,13 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi topilgan.

 

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxsning ko‘rsatmasiga asosan Toshkent katta halqa yo‘lining Zangiota tumanidan o‘tuvchi qismidagi ombor ko‘zdan kechirildi. Natijada u yerda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda qo‘llaniladigan 900 litr prekursor saqlanayotgani aniqlangan.

 

Keyingi tezkor harakatlar Andijon viloyatida davom ettirilib, yana ikki nafar shaxs kuzatuv ostiga olingan. Ular yashirin joylarga ko‘milgan 100 litr suyuq va 25 kilogramm kukun ko‘rinishidagi prekursorlarni olib, Andijon shahrining Bog‘ishamol mahallasidagi dala hovliga olib borgani aniqlangan.

 

Mazkur dala hovli xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bu yerda yashirin narkolaboratoriya tashkil etilgani fosh bo‘ldi. Tekshiruv davomida dala hovlidan 26 kilogramm “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi hamda 590 litr turli kimyoviy prekursorlar topilgan.

 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda “Saymon” laqabi bilan tanilgan shaxs ko‘magida 15 ming 800 AQSH dollariga dala hovlini sotib olib, narkolaboratoriya tashkil qilgan.

 

Tezkor tadbirlar yakunida jami 26 kilogramm mefedron, qariyb 1,5 tonna prekursor va kimyoviy moddalar, shuningdek, narkotik tayyorlashda foydalanilgan maxsus anjomlar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Holat yuzasidan tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon bojxona organlari tomonidan respublika bo‘ylab 200 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari hamda 27 kilogramm psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика