Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida bir oilaning uch nafar a’zosi noma’lum etiologiyali modda ta’sirida zaharlandi. Boshlang‘ich ma’lumotlarga ko‘ra, 68 yoshli ayol va 8 yoshli qiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 12 yoshli bola esa shifoxonaga yotqizilib, hozirda davolanmoqda. Bu haqda zamon.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Tibbiyot birlashmasi ma’lumotiga ko‘ra, barcha bemorlarga “noma’lum moddaning ta’siridan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan. Hozircha moddaning qaysi turga mansubligi aniqlanmagan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani bildirildi. Tekshiruv davomida zaharlanish sabablarini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha ekspertizalar tayinlangan.


