Toshkent viloyatida kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini yetkazib berish va noqonuniy realizatsiya qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida 38 yoshli ayol giyohvand moddalarni 13 yoshli jiyani orqali xaridorlarga yetkazib berayotganida qo‘lga olindi. Uning yashash manzilini ko‘zdan kechirish chog‘ida umumiy qiymati 20 million so‘mga teng bo‘lgan 162 dona kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Keyingi tadbirlar natijasida mazkur mahsulotlarni yetkazib bergan yana ikki nafar Toshkent shahri fuqarosi ham ushlandi. Ular 23 million so‘mlik 278 dona dori vositasini sotayotganida qo‘lga olingan. Shuningdek, ularning uy va avtomashinasidan qo‘shimcha ravishda 67 dona taqiqlangan preparat topildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda gumonlanuvchilar hibsga olingan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


