Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyatida (O‘rtasaroyda) “DOK-1 MAKS“ dori vositasini isteʼmol qilgan 2 yoshli bola vafot etdi”, degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabar yuzasidan Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “DOK-1 MAKS” siropi isteʼmoli natijasida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sog‘ayib, uyiga qaytarildi, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida shu paytgacha “DOK-1 MAKS” preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmagan.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirda hududlardagi barcha dorixonalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va tuman-shahar tibbiyot birlashmalari xodimlari tomonidan o‘rganish olib borilib, “Quramax” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yig‘ishtirib olingan.
Aholi orasida dori-darmonlarni shifokor ko‘rsatmasisiz, palapartish isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari bo‘yicha shifokor va patronaj hamshiralari tomonidan uyma-uy yurib, tushuntirish olib borilmoqda. Bu jarayonda xonadonlardagi shaxsiy dori qutilari ham ko‘zdan kechirilmoqda.


