Toshkent viloyatida o‘zini ichki ishlar organlari xodimi sifatida tanishtirib, fuqarodan pul talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil noyabr oyida Chirchiq shahrida ikki nafar shaxs fuqaro R.H.ni jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitib, ish joyiga xabar berish bilan tahdid qilgan. Ular jabrlanuvchining uyiga bostirib kirib, bank kartasi orqali 2,5 million so‘m pul mablag‘ini va mobil telefonini olib ketgan. Keyinchalik telefonni qaytarish evaziga 200 dollar olgan hamda shaxsiy videolarni tarqatish bilan qo‘rqitib, yana 20 million so‘m talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2003 yilda tug‘ilgan ikki nafar gumonlanuvchi kelishilgan 10 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanida pul tikish asosida xo‘roz urishtirishni tashkil etgan shaxslar ham aniqlangan. Voqea joyidan 9 dona jangari xo‘roz, pul mablag‘lari va elektron taymer dalil sifatida olib qo‘yilgan. O‘yinda qatnashgan 130 nafar shaxsga ma’muriy choralar ko‘rilgan bo‘lsa, tashkilotchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular ham qamoqqa olingan.


