Atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida maxsus komissiya tomonidan reyd tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Navbatdagi tungi reyd 29-yanvar kuni Toshkent viloyatida o‘tkazilib, issiqxonalar faoliyati atroflicha o‘rganildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Reyd davomida Toshkent tumanida 7 ta, Zangiota tumanida 10 ta, Qibray tumanida 7 ta, Yangiyo‘l tumanida 11 ta hamda Yuqori Chirchiq tumanida 4 ta issiqxona faoliyati tekshiruvdan o‘tkazildi. Asosiy e’tibor chang-gaz tozalash uskunalarining texnik holati va ularning amalda qo‘llanilishiga qaratildi.
O‘rganish jarayonida Toshkent tumanida joylashgan issiqxonalardan birida nosoz filtrdan foydalanilayotgani aniqlanib, issiqxona egasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qolgan xo‘jaliklar mas’ullariga esa ekologik talablar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, barcha issiqxona xo‘jaliklariga chang-gaz tozalash uskunalaridan soz holatda foydalanish, ularni doimiy monitoring qilib borish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi. Mas’ul idoralar ma’lumotiga ko‘ra, bunday reyd tadbirlari keyingi kunlarda ham davom ettiriladi.


