Toshkent viloyat prokuraturasi Qibray tumanida yer qonunchiligiga oid qonunbuzarlik holatlarini aniqladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “D.M” xususiy korxonasining rasmiy va norasmiy rahbarlari “S.I” MCHJga tegishli 1 gektar maydondagi issiqxonani qayta rekonstruksiya qilishga “ruxsatnoma” olib, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer uchastkasida qurilish ishlarini boshlab, sug‘oriladigan ekin maydonini muomaladan chiqargan va 1 029 mln so‘m zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, korxona rahbari bir vaqtning o‘zida “S.I.” MCHJ va “D.M.” XK rahbari bo‘la turib, ushbu jamiyatlarning norasmiy rahbari B.I. bilan birgalikda “Agrokimyohimoyaservis” MCHJ balansidagi 4,13 gektar yer uchastkasining 0,75 gektar qismida qurilish ishlarini boshlab, 774 mln so‘m miqdorda zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan “S.I.” MCHJ va “D.M.” xususiy korxonasining rasmiy hamda norasmiy rahbarlariga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


