Yuqori Chirchiqdagi Qizilsoy daryosining Jambul qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi qismiga taxminan 19-20 oktabr kunlari 2 tonnaga yaqin o‘lik tovuqlar tashlab ketilgan. Mahalliy aholi ularning kasallik tarqatishidan xavotirda.
Guvohlarning aytishicha, ayni vaqtda Ekologiya boshqarmasi va «SES» xodimlari xodimlari surishtiruvni boshlagan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi taqiqlangan hududga ko‘p miqdorda jonsiz holatdagi tovuqlar tashlab ketilgani aks etgan videolavha Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
"O‘rganishlar davomida Yuqori Chirchiq tumanining “Miyam kangli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan yer maydoniga nomaʼlum shaxslar tomonidan parranda qoldiqlari tashlab ketilganligi kuzatildi. Parranda qoldiqlarini belgilangan tartibda yo‘q qilish maqsadida maxsus texnikalar yordamida chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarga utilizatsiya qilish uchun yuborildi.
Hozirda chiqindilarni tashlab ketgan shaxslarni aniqlash yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda", — deyiladi xabarda.


