Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Zangiota tumani, Chinor mahallasida yashovchi 44 yoshli shaxs va uning 65 yoshli xolasi tomonidan yashirin “hujra”lar tashkil etilgani aniqlangan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, ular yetarli diniy bilimga ega bo‘lmagan va tegishli ruxsatnomasi bo‘lmagan holda, jami 15 nafar voyaga yetmagan bolaga o‘z uylarida noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan. Bir uyda 10, ikkinchisida esa 5 nafar bola yashash va o‘qish sharoitlari bilan joylashtirilgan. Har bir bola uchun oyiga 1 million so‘mdan 300 AQSh dollarigacha pul olganligi, shuningdek ayrim hollarda bolalarga jismoniy bosim qo‘llangani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Noqonuniy diniy ta’lim bilan shug‘ullangan ikki shaxsga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229(2)-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.


