Toshkent viloyatining Chinoz tumanida jamoat tartibini buzishga uringan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi chiqdi. Bu haqda viloyat sudlari axborot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 2025-yil 4-mart kuni 33 yoshli A.O. va 40 yoshli B.Sh. oldindan til biriktirib, M-39 “Toshkent–Termiz” avtomobil yo‘lida harakatlanishni to‘sish orqali ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.O. voqeadan bir kun avval Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi guruh orqali fuqarolarni gaz to‘ldirish shoxobchasiga bormaslikka va yo‘lni to‘sish orqali norozilik bildirishga chaqirgan. Ertasi kuni u va sherigi “metan-zapravka” hududida to‘plangan haydovchilarga murojaat qilib, yuk mashinasi haydovchisini yo‘lni to‘sishga majburlagan. Natijada avtomobillar harakati vaqtincha to‘xtab, tirbandlik yuzaga kelgan.
Holatni A.O. mobil telefoni orqali tasvirga olib, uni Telegram guruhida tarqatgan. Shuningdek, u tuhmat va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash hamda tarqatishda ham ayblangan.
Sud jarayonida ayblanuvchilar o‘z harakatlarini qisman tan olib, qilgan ishlariga pushaymonligini bildirgan. Shunga qaramay, Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudi ularning aybini to‘liq isbotlangan deb topdi.
Sud hukmiga ko‘ra, A.O. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Uning sherigi B.Sh. esa 3 yil 6 oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Sud qaroriga muvofiq, har ikkala shaxs o‘z jazolarini umumiy tartibli koloniyada o‘tashadi.


