Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan “Hokimning yashirin qarori va bir-biriga begona bo‘lmagan pudratchilar haqida” nomli xabarda keltirilgan holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agnetligi tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Prezidentning 2023-yil 9-fevral kuni “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal surʼatlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Toshkent shahrining har bir mahallasiga mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.
Natijada ushbu qarorga asosan Olmazor tumanida joylashgan 64 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha rejalashtirilgan 64 milliard so‘mlik ishlarni bajarish yuzasidan pudratchilar ichki tanlov asosida tanlab olingan. O‘rganishda buyurtmachi tomonidan 10,1 milliard so‘mlik 2 ta tanlovni o‘tkazish jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Jumladan, tuman obodonlashtirish boshqarmasining xarid komissiyasi tomonidan 2023 yil 17 aprel kuni o‘tkazilgan tanlovlarda o‘zaro raqobatlashgan “S.Q”, “O.H.G.”, “N.A.” hamda “A.P.T” MCHJlarning rahbar va taʼsischilari yaqin qarindoshlar bo‘lib, o‘zaro affillangan shaxslar ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Biroq, xarid komissiyasi tomonidan affillangan shaxslar xarid qilish jarayonidan chetlatilmasdan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10, 14, 23, 42-moddalari va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasi talablari buzilganligi aniqlandi. Shu va boshqa qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun 25 may kuni huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborildi.


