Bugun, 26-sentabr kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Holat yuzasidan shahar IIBB YHXB ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea soat 16:40 larda Mirobod tumanining Nukus ko‘chasida yuz bergan. Unda bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchilar — 1996 yilda tug‘ilgan N.F. boshqaruvidagi “Toyota” rusumli transport vositasi, 1998 yilda tug‘ilgan M.M. boshqaruvidagi “Nexia–1” rusumli transport vositasi, 1986 yilda tug‘ilgan J.J. boshqaruvidagi “Spark” rusumli transport vositasi, 2000 yilda tug‘ilgan N.A. boshqaruvidagi “Labo” rusumli transport vositalari o‘zaro to‘qnashib ketgan.
“Spark” haydovchisi J.J. hamda “Labo” haydovchisi N.A. tan jarohati olgan, ularga tez tibbiy yordam xodimlari birinchi yordam ko‘rsatishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


