Toshkentda 7 yoshli qizga ko‘p qavatli uyning kirish qismida tegajog‘lik qilgan erkak qo‘lga olindi, deya xabar berdi «Sukut saqlama» loyihasi.
Loyiha mualliflarining aytishicha, voqea 7-iyun kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida sodir bo‘lgan. Unga ko‘ra, o‘rta yoshlardagi begona erkak 7 yashar qiz orqasidan uyning oldigacha kirgan. Qiz esa o‘sha uyda yashaydigan 1-qavatda turadigan dugonasining oldiga kelgan.
Erkak qizni qo‘rqitib, ro‘paradagi eshik oldiga olib borib, qizni o‘pib, uyatiz xatti-harakatlar qilgani aytilmoqda. Qizning dugonasi uning kelavermaganidan xavotir olib, o‘zi ko‘chaga chiqqanida erkak hodisa joyidan qochib ketgan. Jabrlanuvchining ota-onasi holat bo‘yicha darhol Ichki ishlar va Prokuratura organlariga murojaat qilgan.
Loyiha mualliflarining aniqlashicha, ushbu shaxs Qibray tumanida istiqomat qiluvchi 1968-yilda tug‘ilgan oilali erkak bo‘lib chiqqan. Shuningdek, xabarda aytilishicha, gumonlanuvchiga nisbatan 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.


