1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda 7 mingga yaqin fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

Gumondor Telegram orqali “imtiyozli yutuq” va’dasi bilan fuqarolardan pul undirib kelgani aniqlangan.

Toshkentda 7 mingga yaqin fuqaroning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, firibgarlik qilgan shaxs ushlandi

 


Toshkent shahrida axborot tizimlaridan foydalanib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va firibgarlik yo‘li bilan pul o‘zlashtirgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 1995-yilda Surxondaryo viloyati Termiz shahrida tug‘ilgan shaxs Farg‘ona viloyati IIB axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etilgan. U Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi “g” bandi (axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahar Yunusobod tumanida qo‘lga olingan.

 

Tergov materiallariga ko‘ra, Farg‘ona tumani “Shohimardon” mahallasida yashovchi fuqaro Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda noma’lum shaxs Telegram orqali bog‘lanib, o‘zini “Green Bio Face” MCHJ vakili sifatida tanishtirgan va jabrlanuvchi “Omadli mijoz” loyihasida g‘olib bo‘lganini aytgan. Firibgar maishiy texnika xaridining 80 foizi kompaniya tomonidan qoplanishini, qolgan 20 foizini esa ko‘rsatilgan bank kartasiga o‘tkazish kerakligini bildirgan. Jabrlanuvchi ushbu gaplarga ishonib, 3,5 million so‘m pul o‘tkazib bergan.

 

Aniqlanishicha, gumondor Telegram’da “Green Bio” nomli sahifa ochib, shu orqali firibgarlik bilan shug‘ullangan. Uning telefoni ko‘zdan kechirilganda, “Laktovita” nomli tibbiy mahsulot savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxona tizimi orqali 6871 nafar mijozning shaxsiy ma’lumotlarini yuklab olgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, u Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqarolarga nisbatan ham shu turdagi jinoyatlarni sodir etgan.

 

Qo‘lga olingan shaxs o‘z ko‘rsatmasida avval sotuv menejeri lavozimida ishlaganini, ishdan bo‘shagach, mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib, ular yutuq qo‘lga kiritganini aytib, pul o‘tkazdirib olganini va mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini tan olgan.

 

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari fuqarolarni noma’lum shaxslarning bunday aldovlariga uchmaslikka chaqirdi.

 

Qonunchilikka ko‘ra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik uchun katta miqdorda jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика