Toshkent shahrida ayollarni aldab, Turkiyaga noqonuniy ravishda yubormoqchi boʻlgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, 1997-, 1998- va 2003-yillarda tugʻilgan bir nafar ayol va ikki nafar erkak oldindan til biriktirib, ijtimoiy sharoiti ogʻir boʻlgan ayollarni xorijga joʻnatishni rejalashtirgan. Ular Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridan boʻlgan ikki nafar ayolning ishonchiga kirib, Turkiyada ish bilan taʼminlashni vaʼda qilgan.
Ammo tergov davomida aniqlanishicha, gumonlanuvchilar aslida jabrlanuvchilarni moddiy manfaat evaziga Istanbul shahrida shahvoniy ekspluatatsiyaga jalb etishni koʻzlagan.
Joriy yilning 3-fevral kuni guruh aʼzolari ayollarni Toshkent–Istanbul reysi orqali xorijga yuborish uchun hujjatlarni rasmiylashtirayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


