1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini O‘zbekistonda keng nishonlash anʼanaga aylangan. Ayni shu munosabat bilan «Next» savdo-ko‘ngilochar markazida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika «Barkamol avlod» bolalar maktabi tashabbusi bilan iqtidorli o‘quvchi-yoshlarlar ishtirokida «Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari» shiori ostida festival bo‘lib o‘tadi.
«Festival kun tartibidan joylardagi ‘Barkamol avlod‘ bolalar maktablari to‘garak aʼzolari tayyorlagan qo‘l mehnati namunalari ko‘rgazmasi ham o‘rin olgan», - deydi Respublika «Barkamol avlod» bolalar maktabi direktori Sevara Mahmudova.
Shuningdek, festivalda bolalar ijodiy ishlarining sotuvi ham tashkil etiladi. Sotuvdan tushgan pullar esa xayriya aksiyalariga yo‘naltiriladi.
Festival doirasida «Barkamol avlod» bolalar maktablari to‘garak aʼzolari hamda o‘zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, qaynoq lazer shou dasturlari, musiqali fontan va ijodiy chiqishlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, «Uzbekistan Foreign Experts group» xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan «Entry ijodkorlik» respublika onlayn tanlovi g‘oliblari taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bunday festivallar joylardagi «Barkamol avlod» bolalar maktablari tomonidan O‘zbekistonning barcha hududlari markaziy istirohat bog‘lari, xiyobon va ko‘ngilochar maskanlarida tashkil etiladi.


