Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumtaʼlim maktabda bolani kaltaklagan ayol boshqa bir qancha huquqbuzarliklar sodir etib javobgarlikka tortildi. Bu haqida Bolalar ombudsmani xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 24 sentyabr kuni 1980 yilda tug‘ilgan R.O. qizi tahsil oladigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy o‘rta taʼlim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib, maktab direktorining o‘rinbosari G‘.M. ga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Ayoldan jamoat joyida tartibiga rioya qilishi so‘ralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularning qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan.
Ushbu noqonuniy harakatlarni R.O. ko‘plab maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida sodir etgan. 25 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan.
R.O. sud tomonidan MJtKning tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, unga 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi, BHM ning 3 baravari va BHMning 7 baravari so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, R.O. ning Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumtaʼlim maktabda 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan sodir etgan harakati yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


