Toshkentda elektr taʼminotiga oid kiritilgan qisqa muddatli cheklovlar 16 dekabrgacha amal qiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Toshkent shahar filiali xabar berdi.
“Havo haroratining sovib ketishi hamda yuqori isteʼmol vaqtlarida Toshkent shahriga belgilangan isteʼmol topshirig‘ini bajarish, ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlar to‘xtab qolishining oldini olish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmol muvozanatini ushlab turish hamda taʼminotdagi tartibsiz uzilishlarni bartaraf etish maqsadida poytaxt hududlarida tuman hokimliklari bilan kelishgan holda avval eʼlon qilingan elektr energiyasi taʼminotiga oid kiritilgan qisqa muddatli cheklovlar dekabr oyining 14, 15 hamda 16 sanalarida ham amal qilishini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Kompaniya elektr energiyasi taʼminoti bilan bog‘liq har qanday muammoli vaziyatda 1154 qisqa raqamli Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish yoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot kanalining administratoriga (Telegram‘dagi @HET_admin) murojaat yo‘llash mumkinligini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, respublikada elektr energiyasini tejash maqsadida 2 soatdan ortiq bo‘lmagan rejali o‘chirishlar boshlanishi aytilgandi. Elektr uzilishlari 2 soatdan oshib ketmasligiga kafolat berilgandi.


