2026-yil 13-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Tojikiston energetika va suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekiston Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qirg‘iz Respublikasi Energetika vaziri T.Ibrayev, Qozog‘iston Energetika vaziri Y.Akkenjenov hamda Tojikiston Energetika va suv resurslari vaziri D.Juma ishtirok etdi. Shuningdek, uchrashuvda mazkur davlatlarning energetika kompaniyalari rahbarlari va mutaxassislari ham qatnashdi.
Muzokaralar davomida so‘nggi yillarda davlatlar rahbarlari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘p tomonlama hamkorlik, xususan, yoqilg‘i-energetika yo‘nalishida barqaror rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda joriy kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish, vegetatsiya davrida suv-energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar tarmoqlar ish rejimlari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.


