Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir nechta shaxslar o‘zaro janjallashganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat 27 avgust kuni Yakkasaroy tumani At Termiziy ko‘chasida yuz bergan.1997 yilda tug‘ilgan S.A. va 1998 yilda tug‘ilgan A.E. Trasker rusmli avtomashinada o‘tib ketayotgan vaqtida 2003 yilda tug‘ilgan S.R., 2005 yilda tug‘ilgan R.G., 2005 yilda tug‘ilgan B.X.lar bilan o‘zaro tortishib qolgan. Natijada fuqaro A.E. taxta bo‘lagini ko‘tarib, baqir-chaqir qilgan va ushbu fuqarolar jamoat joyida bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzishgan. So‘ngra A.E. va S.A. avtomashinaga o‘tirib, hodisa joyidan ketib qolgan.
Janjal natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.


