Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 28.04.2025 yildagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor fuqarodan undiruvchi korxona foydasiga 189 million so‘m qarz undirish bo‘yicha ijro ishi 20.01.2026 yilda Majburiy ijro byurosi tomonidan ish yurituviga qabul qilindi.
Mazkur ish bo‘yicha qarzdorga qonunchilikda belgilangan tartibda 15 kunlik ixtiyoriy muddat berildi. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish orqali ortiqcha xarajatlar va huquqiy oqibatlardan qochish mumkinligi tushuntirildi.
Ijro jarayonida qarzdor nomida mavjud qimmatbaho avtotransport vositalari — “TOYOTA LAND CRUISER PRADO” va “MERCEDES BENZ G63 AMG” aniqlanib, ularga band qo‘yildi. Bu esa qarzdor uchun qarzni bajarmaslik mulkiy yo‘qotishlarga olib kelishini aniq ko‘rsatdi.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, majburiy ijro choralarining o‘z vaqtida va qatʼiy qo‘llanilishi qarzdorni sud qarorini ixtiyoriy ravishda bajarishga undaydi. Mazkur holatda ham qarzdor huquqiy oqibatlarni anglab yetib, qarzdorlikni to‘liq qopladi.
Natijada sud qarori O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 41-moddasi 1-bandiga muvofiq amalda ijro etildi hamda undirilgan mablag‘lar korxona foydasiga o‘tkazildi.


