O‘tgan yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq shaxs narkotik vositalar iste’mol qilgani rasman ro‘yxatga olindi. Shu bilan birga, “soya”da bo‘lgan giyohvandlarning soni bundan ham ko‘p bo‘lib, ularning aksariyati yoshlar hisoblanadi. Ular narkotik moddalarga oyiga o‘rtacha 20–25 million so‘m sarflayotgani, mablag‘ topish ilinjida jinoyatga qo‘l urishi tabiiyligi qayd etildi. Respublika bo‘yicha 64 nafar shaxs giyohvandlik ta’sirida jinoyat qilgan bo‘lib, ularning uchdan biri Toshkentga to‘g‘ri keladi.
Shu yildan boshlab narkotiklarni aniqlashda narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o‘tiladi. Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida rahbarning alohida o‘rinbosari belgilanishi topshirildi. Hokimlar, oliygoh rektorlari, texnikum va maktab direktorlarining o‘rinbosarlari ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘ladi.
Giyohvandlarni davolash jarayoni kamida to‘rt oy davom etishi belgilandi. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi yuklandi.
Shaharda jinoyatchilardan olingan sintetik moddalar so‘nggi besh yilda 11 karra oshgan, ularning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to‘lovlar kriptovalyutada amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mamlakat ichida narkolaboratoriyalar faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Qonunchilikda davlat organlarining vazifalari aniq ko‘rsatilmaganligi tanqid qilinib, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligining mas’uliyati kuchaytirildi. Endilikda agentlik mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baholash vakolatiga ega bo‘ladi. Agentlik rahbari R.Mamatov faoliyatida o‘zgarish qilmasa, lavozimga loyiq emasligi ko‘rib chiqiladi.
1999-yilda qabul qilingan narkotiklar haqidagi qonun ham yangidan ishlab chiqilishi lozimligi ta’kidlandi.


